TOShKENT, 6 avg —Sputnik, Andrey Kos. Beshta flot, minglab dengizchilar, o‘nlab jangovar va suv osti kemalari – AQShda so‘nggi 40-yilda eng yirik harbiy-dengiz o‘quv mashg‘ulotlari - Large Scale Exercise 2021 (LSE) boshlandi. Mashg‘ulotlar 2 hafta davom etadi va 17ta vaqt zonasini qamrab oladi. Ularning maqsadi – Rossiya va Xitoyga Amerika dengiz floti kuchini yaqqol namoyish qilishdir.
Ikkinchi jahon urushi tajribasi
Mashg‘ulotlar ssenariysi –AQSh tomonidan dunyo bo‘yicha har qanday raqibga global qarshilik ko‘rsatishdir. Amerikaliklar yangi taktik va strategik uslublar, eng yangi qurol namunalari va paluba aviatsiyasidan foydalanadi.
AQSh admirallari bir vaqtning o‘zida turli hududlarda barcha turdagi kemalar – aviatashuvchi, raketa kreyserlari, esmineslar, suv osti kemalari, vertolot tashuvchilar, suzuvchi doklar harakat qilish imkoniyatlarini namoyish qilishmoqchi.
Shuningdek, dengiz aviatsiyasi hamda uchuvchisiz apparatlar imkoniyatlarini ham namoyish qilish ko‘zda tutilgan. Xususan, "Karl Vinson" aviatashuvchisi ilk bor o‘z palubasida F-35S qiruvchilari bilan dengizga chiqadi.
O‘quv mashg‘ulotlari jug‘rofiyasi Atlantika, Tinch okeani, Janubiy-Xitoy, Sharqiy-Xitoy, Qora va O‘rta-yer dengizlarini qamrab oladi.
AQSh qo‘mondonligi o‘z oldiga qo‘ygan vazifa maqsadlarining ham ko‘lami juda kengdir – turli flotlar orasida o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish, ishonchli aloqa kanali o‘rnatish, suv usti, suv osti va dengiz havo kuchlarini harakatlarini muvofiqlashtirishdir. Undan tashqari turli tarqoq dengiz operatsiyalari o‘tkazish, oldingi saf harbiy bazalari tashkil qilish hamda shartli raqib qirg‘oqlari yaqinida harakatlar amalga oshirish ham rejalashtirilgan.
Ushbu mashg‘ulotlarning yana bir qiziq jihati – amerikaliklar bosqichma-bosqich, oldinlari HDF asosini tashkil qilgan, aviatsiyali yakka zarba beruvchi guruhlaridan voz kechmoqda. AQSh HDF bosh admirali Kristofer Greydi xabariga ko‘ra, bundan buyon ushbu guruhlar yirik guruhlar tarkibida harakat qiladi.
“Biz aviatsiyali yakka guruhlar strategiyasini yaxshi o‘rganib oldik. Ushbu o‘quv mashqlarida asosiy e’tibor kichik kemalardan iborat mobil guruhlarga qaratiladi. Ular o‘zi alohida va yirik guruhlar tarkibida samarador bo‘lishi mumkin. Bunday guruhlar zarba olganidan so‘ng ham jangavor qobiliyatini saqlab qolishi kerak. Bu borada bir Ikkinchi jahon urushi tajribasiga qaytmoqdamiz. U vaqtlar bizda juda ko‘p, arzon va samarali kemalarimiz bor edi. Biz ularning bir qismini yo‘qotdik, lekin dengiz floti umumiy hisobda jangovar qobiliyatini saqlab qoldi. AQSh flotining aynan yo‘qotishlardan qo‘rqmaslik xususiyati – bizning raqiblarni to‘xtatib turuvchi asosiy faktdir”, - dedi jurnalistlarga Nyuportdagi harbiy-dengiz kolleji professori Djeyms Xolms.
Global maqsadlar
Tahlilchilar xulosasiga ko‘ra, Large Scale Exercise mashqlari xalqaro arenada Vashingtondan mustaqil siyosat olib borayotgan davlatlarga qarshi qaratilgan. Birinchi o‘rinda gap, albatta Rossiya va Xitoy haqida ketmoqda. Tashkilotchilar ham buni yashirib o‘tirayotgani yo‘q.
Mashg‘ulotlarning ayrimlari Qrim va Tayvan qirg‘oqlari yaqinida o‘tishini hisobga olganda, amerikalik dengizchilar Rossiya va Xitoy harbiylarining “asabini qitiqlashi” mumkin. Demak Qora Dengizda ham turli fitnalar ham yuz berishi mumkin, lekin ekspertlar o‘quv-mashqlarining asl maqsadi bu emasligini ta’kidlashmoqda.
“Albatta, Pentagon shunchaki mashq qilish uchun 5ta dengiz flotini jalb qilayotgani yo‘q, - deydi Rossiya harbiy fanlar akademiyasi a’zosi Sergey Sudakov. Aslida, Amerika Qo‘shma shtatlari o‘zlarining dunyoviy yetakchiligining yangi ko‘rinishini shakllantirishmoqda. E’tibor bering – LSEda faqat AQSh harbiy floti kemalari ishtirok etmoqda. NATOning boshqa mamlakatlari esa taklif qilingani yo‘q. Bu bilan amerikaliklar butun dunyoga, jumladan o‘z ittifoqchilariga ham AQSh Yer sharidagi eng qudratli harbiy kuch ekanini va har qanday raqibga bas kela olishini ko‘rsatib qo‘yishmoqchi".
Aslida AQShda ancha vaqtdan beri harbiy maydonda o‘z muvaffaqiyatlari bilan maqtanishga imkon bo‘lmagan edi. Ular paradlar o‘tkazmaydi, Yaqin Sharq va Afg‘onistonda AQSh dengiz qutratini to‘liq namoyish eta olmagan edi. So‘nggi vaqtlarda sodir bo‘lgan prezident saylovi va BLM mojarolari ham AQShning siyosiy obro‘yini oshirgani yo‘q. Sudakov xulosasiga ko‘ra, o‘zining “dengiz mushaklarini” shamoyish qilish bilan AQSh yana bir bor dunyoga ular baquvvat ekanini ko‘rsatib qo‘yishmoqchi.
Xatolarni to‘g‘rilash
Albatta bu ham hammasi emas. AQSh birlashgan shtablari generli Djon Xayten ma’lum qilishiga ko‘ra, o‘tgan yilgi harbiy o‘quv mashg‘ulotlarda - Amerikaliklar Tayvan oroli uchun Xitoy bilan urushni mashq qilishganda, AQSh harbiylari virtual jangni ulkan “yo‘qotishlar” bilan tugatishgan edi.
“Shartli raqib bizning harbiy strategiyamizni o‘nlab yillar davomida o‘rganib chiqqan va biz qayerda qanday harakat qilishimizni juda yaxshi bilgan edi”, - deydi Xayten.
General aytishiga ko‘ra, AQSh Qurolli kuchlarining zaif joyi - harbiylarning yuqori texnologiyalarga bog‘liqligidir: sputniklar, uzoqqa aniq zarba beruvchi qurollar, kiberqurollar, radioelektron kurash vositalari. So‘nggi 10-yillikdagi mojarolarda amerikaliklar o‘zlaridan texnologik ancha zaif raqiblarga qarshi kurashishgan edi. Zamonaviy aloqa vositalari va tez axborot almashish imkoniyati ularga katta ustuvorlik bergan edi.
Rossiya va Xitoy esa Pentagonning axborot sohasiga bog‘liqligini yaxshi bilishadi va Moskva va Pekin AQShni ushbu “kuzirdan” mahrum qilib qo‘yishlari mumkin. Keng ko‘lamli urush bo‘lgan taqdirda ruslar va xitoyliklar birinchi o‘rinda amerika sputniklari, uzoq radiolokatsion aviatsiya samolyotlarini va yerdagi aloqa uzellarini yo‘q qilishadi, - deydi general Xayten.
O‘tgan yilgi virtual urush simulyatorida Xitoy raqibni “ko‘r” va “kar” qilib qo‘ydi. Amerikaliklar bundan xulosa qilgan holda, Large Scale Exercise mashqlarida hatto kuchli armiya ustidan ham axborot ustuvorligiga erishishni maqsad qilishgan. Moskva va Pekin ham, so‘zsiz ushbu mashg‘ulotlarni kuzatib boradi va okean ortidan kelgan raqibning barcha taktik va strategik harakatlarini sinchikovlik bilan tahlil qiladi.