O‘zbekiston gulchilikni rivojlantirishga bel bog‘ladi: oldinga qanday maqsadlar qo‘yilgan

Andijon, Namangan va Jizzax viloyatlarining ayrim tumanlari gulchilikka ixtisoslashtiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 5 avg — Sputnik. “Respublika hududlarida gulchilik va ko‘chatchilik sohalarini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Andijon viloyatining Andijon, Izboskan va Oltinko‘l, Namangan viloyatining Namangan va Davlatobod hamda Jizzax viloyatining Zomin va G‘allaorol tumanlari gulchilikka ixtisoslashtiriladi.
Mazkur tumanlarda:
tajriba tariqasida gulchilik klasterlari tashkil qilinadi;
gulchilik bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarga 0,06 gektardan 1 gektargacha yer maydonlari ochiq elektron tanlov orqali 30-yilga dehqon xo‘jaligini yuritish maqsadlari uchun yer uchastkalarini ijaraga berish tartibida ajratiladi;
“Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida ajratilgan mablag‘larning kamida 10 foizi gulchilik loyihalarini tashkil qilish uchun ajratiladi;
“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga har birining maydoni 2 sotix bo‘lgan 25 ta “Gulchilik o‘quv poligon”larini tashkil etish uchun 0,5 gektar yer maydoni elektron onlayn-auksion (qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarda) yoki ochiq elektron tanlov (qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda) orqali ijaraga beriladi;
“Gulchilik o‘quv poligon”larida o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan va maxsus sertifikat olgan ishsiz, ehtiyojmand oilalarga 6 sotixdan yer maydoni elektron onlayn-auksion (qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarda) yoki ochiq elektron tanlov (qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda) orqali ijaraga beriladi.
2021 yil 1-sentabrdan 2021–2024 yillarda yillik eksport tushumida gul eksportidan tushum ulushi kamida 30 foizni va 100 ming AQSh dollardan ko‘pni tashkil qiladigan tadbirkorlarning xomashyo (gul ko‘chatlari, urug‘lari, piyozlari va payvandtaglari) importi uchun sarflangan transport xarajatlarining 50 foizi qoplanadi.
2022/2023 o‘quv yilidan:
- qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi OTMlarda Gulchilik magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi;
- Toshkent davlat agrar universitetida Turkiya Respublikasining Isparta amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikda Manzarali bog‘dorchilik va gulchilik sohasida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
- Namangan, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahrida gul hamda ko‘chatlarning yirik ulgurji bozori tashkil etiladi.