TOShKENT, 4 avg - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti boshchiligida "Aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini mutlaqo yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida" o‘tkazilgan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida, respublikaning barcha hududlarida mahalliy mutasaddilar uchun maxsus o‘quv seminarlar tashkil etilmoqda.
“Zoom” platformasi orqali tashkil etilayogan seminarlarda markaziy studiyalardan viloyat hokimlari, ularning tegishli o‘rinbosarlari, viloyat boshqarma va tashkilotlari rahbarlari hamda aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha mas’ul xodimlar ishtirok etishapti.
Joylardagi studiyalardan esa shahar va tumanlar hokimlari va ularning birinchi o‘rinbosarlari tumandagi sektor rahbarlari va tashkilot boshliqlari qatnashapti.
O‘quv seminarlar davomida videoselektorda berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan ma’ruzachilar so‘zga chiqishmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Islamov "Aholi murojaatlari bilan ishlashdagi dolzarb muammolar", prezident administratsiyasi mas’ul xodimlari Farhod Azizov "Aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil etish" hamda Sarvar Mamadiyev "Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari to‘g‘risida"gi Qonun hujjatlari yuzasidan yig‘ilish ishtirokchilariga batafsil ma’lumot berib o‘tapti.
Ma’ruzalar bilan bir qatorda joylarda aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil etish bo‘yicha hokimliklar qoshida "Tezkor shtab"lar tuzilyapti. "Tezkor shtab" rahbari viloyat hokimi bo‘lib, shtab faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi, prezident tomonidan belgilab berilgan vazifalar hamda yuqori tashkilotlar tomonidan yuborilgan topshiriq va tavsiyalar ijrosini ta’minlaydi. Sayyor va shaxsiy qabullar o‘tkazadi.
"Tezkor shtab" guruhi elektron bazasiga kiritish, korxonalar tomonidan qayta o‘rganilgan murojaatlar to‘g‘risidagi dalolatnomalar va fuqarolarning tushuntirish hamda minnatdorchilik xatlari bo‘yicha kunlik ma’lumotlarni yig‘adi. Natijada ushbu ko‘rsatkichlar haqqoniyligini Xalq qabulxonalari mudir va mutaxassislari o‘rgangan holda hujjatlar yig‘ib boriladi.
Bugungi kunga qadar o‘quv seminarlar Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Samarqand, Jizzax hamda Sirdaryo viloyatlarida bo‘lib o‘tdi.