TOShKENT, 2 avg — Sputnik. Tokioda davom etayotgan Olimpiya o‘yinlarining o‘ninchi kunida Suhrob Xo‘jayev va Jalgasbay Berdimuratov O‘zbekiston sharafini himoya qildi. Afsuski, ularning chiqishi muvaffaqiyatsiz yakunlandi.
O‘zi uchun eng yaxshi ko‘rsatgich, ammo musobaqada oxirgi o‘rinda
Erta tongdan musobaqalar doirasida yengil atletikaning bosqon uloqtirish yo‘nalishi bo‘yicha sportchi Suhrob Xo‘jayev o‘z omadini sinab ko‘rdi.
“A” guruhida ishtirok etgan O‘zbekiston vakili 71.26 metr natijani qayd etdi. Bu bilan Xo‘jayev so‘nggi pog‘onada (15) qoldi. Milliy olimpiya qo‘mitasining ma’lum qilishicha, bu uning Olimpiadalardagi eng yaxshi ko‘rsatgichidir. Xo‘jayev avval London-2012 va Rio-2016 Olimpiadalarida qatnashib, 65.88 va 70.11 metr natija ko‘rsatgan.
Yunon-rum kurashida ham mag‘lubiyat
Yunon-rum kurashi vakili Jalgasbay Berdimuratov (-77 kg) 1/8 finalda armanistonlik raqibi Karapet Chalyanga yengildi. Armanistonlik kurashchi yarim finalda Qirg‘iziston vakiliga mag‘lub bo‘ldi. Bu bilan Berdimuratovning bronza medali uchun kurashishga imkoniyati qolmadi.
Hozircha O‘zbekiston vakillari bitta oltin va bitta bronza medalga ega chiqishgan. Ertaga uch nafar bokschi yarim final yo‘llanmasi uchun kurash olib borishadi. Ularning g‘alaba qozonishlariga ishonib qolamiz.