TOShKENT, 2 avg – Sputnik. Turkiyaidagi o‘rmon yong‘inlari uchun javobgarlikni “Olov bolalari” nomli terrorchi tashkilot o‘z bo‘yniga oldi, deb xabar qilmoqda Yeni Şafak gazetasi.
“Olov bolalari” Turkiyada terrorchi tashkilot maqomiga ega bo‘lib, u “Qurdiston ishchi partiyasi”ga aloqador. Terrorchilar bayonotida aytilishicha, ular “turk rejimini olov yordamida tiz cho‘ktirish” maqsadida o‘rmon yong‘inlarini ataylab uyushtirishgan.
Turkiya rasmiy vakillari ushbu xabarga hozircha hech qanday izoh berishmagan.
Anomal issiq tufayli so‘nggi kunlarda Turkiyaning ko‘plab hududlarida o‘rmonlar yong‘in ichida qolgan. Olov hatto kurort shaharlarga ham juda yaqin kelib qolgan. Xususan 29-iyul kuni Marmaris va Bodrumdagi bir necha mehmonxonalardan sayyohlarni evakuatsiya qilishga majbur bo‘lgan edi.