O‘zbek olimlari Afg‘onistonda topilgan "Kushon xazinasi"ni o‘rganadi

Afg‘onistonda sovet arxeologleri yordamida topilgan "Kushon oltini" xazinasi 20 ming artefaktlardan iborat bo‘lib, dunyodagi eng yirik va boy topilmalardan biri hisoblanadi.
Sputnik
TOShKENT, 2 avg — Sputnik. O‘zbekistonlik olimlar Afg‘oniston hududida topilgan oltin xazinani sinchiklab o‘rganishga kirishadi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
Ma’lumki, Afg‘oniston hududida topilgan “Kushon oltini” xazinasi insoniyat tarixida eng yirik va eng boy oltin buyumlar xazinasi hisoblanadi. Ushbu xazina 1978-yilda sovet-afg‘on arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan topilgan edi. Uning tarkibiga eramizning 1-4 asrlariga doir 20 ming oltin buyumlar kiradi. O‘sha vaqtda Afg‘onistonda urush boshlanib qolishi munosabati bilan Kushon xazinasi oxirigacha qazib olinmagan. Qazib olingan buyumlar esa to‘liq Qobuldagi Milliy muzeyga topshirilgan.
O‘zbekiston va Afg‘oniston hukumatlari kelishuviga ko‘ra, o‘zbekistonlik olimlar ushbu bebaho xazinaning buyumlari bilan ishlash, ularni o‘rganish, suratga tushirish imkoniga ega bo‘lishdi. Izlanishlar natijasida ushbu xazinaga bag‘ishlangan kitob-albom chop etiladi.