TOShKENT, 2 avg — Sputnik. O‘zbekistonda Rossiyaning koronavirusga qarshi “Sputnik V” vaksinasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdan asosiy maqsad bu mamlakat aholisi salomatligidir. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov brifing davomida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Sputnik muxbiri.
Asadovning so‘zlariga ko‘ra, “Jurabek laboratories” qo‘shma korxonasida oyiga vaksinaning 10 million dozasini ishlab chiqarish imkoniyatlari mavjud. Lekin rossiyalik hamkorlar bilan birinchi bosqichda oyiga 2 million “Sputnik V” dozasini ishlab chiqarish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan. Keyinchalik ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish bo‘yicha muzokaralar olib boriladi.
Loyihani moliyalashtirishga oid muzokaralar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlikni inobatga olgan holda olib borilmoqda.
“Moliyalashtirish masalasi muhim emas. Eng asosiysi, prezidentimiz ko‘p marotaba takrorlaganlaridek, vatandoshlarimiz faol emlanishi uchun bu loyihani (O‘zbekistonda “Sputnik V” vaksinasini ishlab chiqarish – tahr.) tezroq ishga tushirish. Bu loyihasining eng asosiy maqsadi – aholimiz salomatligi”, - dedi u.
Davlat rahbari matbuot kotibi loyihani amalga oshirish jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berib borilishini qo‘shimcha qildi.
May oyida Toshkent va Moskva “Sputnik V”ni O‘zbekistonda ishlab chiqarishga kelishib olgan edi.
29 iyul kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev avgust oyidan Olmaliq shahridagi "Jurabek laboratories" korxonasida “Sputnik V” vaksinasini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qilib, korxonaning texnik imkoniyatlari bilan tanishdi.
31 iyul kuni Rossiya to‘g‘ridan -to‘g‘ri investitsiya jamg‘armasi (RFPI) O‘zbekistonda “Sputnik V”ning birinchi partiyalari ishlab chiqarilganini xabar qildi. Ishlab chiqarilgan vaksinalar sifatni nazorat qilish uchun Gamaleya markaziga yuborilgan.