TOShKENT, 1 avg — Sputnik. O‘zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov Senatning yalpi majlisida aholining ayrim toifalariga majburiy koronavirusga qarshi emlashni qonuniylashtiradigan va ish beruvchilarga emlashdan bosh tortgan xodimni ishdan chetlatish huquqini beradigan qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritilgani yuzasidan fikr bildirdi.
Agar fuqaro vaksinani rad etsa, uni hech kim majburlab, tibbiyot muassasasiga olib bormaydi va vaksinani yubormaydi. Ammo huquqiy oqibatlariga fuqaro o‘ziga mas’uliyatini oladi. Ya’ni u vaksinani rad etsa, uning jamoat faoliyati, mehnat qilish huquqlari cheklanishi mumkin.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, fuqaroning emlanishdan bor tortishi, uni ishdan haydash uchun asos bo‘lolmaydi. Ish beruvchi faqat vaqtinchalik ishdan chetlashtirishi mumkin, bunday holatlarda oylik to‘lanmaydi.
“Inson huquqlari absolyut huquq emas. Inson huquqlari juda ko‘p holatda cheklanadi, Yevropada yuqori standartda ishlaydigan sud instansiyalar ham majburiy emlashda davlat tarafini olgan. Jamoaviy huquq individual huquqdan doimo ustun turadi”, - qo‘shimcha qilgan Davletov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq senatorlar O‘zbekistonda majburiy emlashni nazarda tutuvchi qonunni ma’qullagani xabar qilingan edi.