TOShKENT, 27-iyul — Sputnik. O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Murod Xonto‘rayev vafot etgan yo‘l-transport hodisasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Holat bo‘yicha Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi, deb ma’lum qilishdi Sputnik O‘zbekiston muxbiriga.
Murod Xonto‘rayev boshqaruvidagi BMW X5 avtomobili bilan to‘qnashuv sodir etgan Lacetti avtomobili haydovchisi A.U. guvoh sifatida tergovga jalb etildi.
19 iyul kuni O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Murod Xonto‘rayev YTH oqibatida halok bo‘ldi.
Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani hududidan o‘tuvchi 4R-12 avtomobil yo‘lining 68-kilometrida bir yo‘nalishda harakatlanib ketayotgan "Lacetti" hamda "BMW X5" rusumli avtomobillar ishtirokida to‘qnashuv sodir bo‘ldi. Buning oqibatida "BMW X5" rusumli avtomobil yo‘ldan chiqib ketib ag‘darildi.
Murod Xonto‘rayev bilan birga avtohalokatga uchragan Jasur Anarboyev "koma" holatidan chiqdi.