TOShKENT, 28-iyul - Sputnik. Avtomobillar ishlab chiqarishda sodir bo‘layotgan ayrim muammolar tufayli xaridorlar shartnoma imzolaganidan so‘ng turli muddat navbatga turishga majbur bo‘lishmoqda. Ayrim shaxslar ushbu holatni biznesga aylantirib olishgan, deb xabar qilmoqda "UzAuto Motors" kompaniyasi.
Vaziyat o‘rganilganda bir shaxs tomonidan avtomobillarni sotib olish uchun 10, 20 va hattoki, 200 ta kelishuv shartnomalarining tuzilganlik holatlari aniqlandi.
Ushbu munosabat bilan "UzAuto Motors" yangi avtomobillarni sotib olishda savdo ma’lumotlar bazasini DYHXX yangi avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish bazasi bilan sinxronlashtirish tashabbusi bilan chiqdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi ko‘magidagi hamkorlikni o‘zida aks ettirgan ushbu loyiha o‘sha noqonuniy boyish tizimi paydo bo‘lishining oldini oladi va avtomobilni olishda navbatni berishning imkonsizligini ta’minlaydi, deyiladi xabarda.