TOShKENT, 28-iyul – Sputnik. O‘zbekiston laboratoriyalari YeOII hududi amal qilayotgan "Puteshestvuyu bez COVID-19" dasturiga qo‘shildi, deb xabar qilmoqda Yevroosiyo taraqqiyot banki.
Ya’ni, bundan buyon O‘zbekiston hududida joylashgan 87ta tibbiy tashkilotlar PZR-test natijalari YeOII davlatlari hududiga kirishda tan olinadi.
Ma’lumot uchun, "Puteshestvuyu bez COVID-19" mobil ilovasi YeOII davlatlaridan birining chegarasini kesib o‘tayotgan fuqaro koronavirusga salbiy tahlil topshirganini tezkor isbotlash vositasi hisoblanadi.
25 iyuldan boshlab Rossiya chegarasini kesib o‘tuvchi fuqarolar “Puteshestvuyu bez COVID-19” ilovasiga muvofiq salbiy PZR test topshirgan bo‘lishi talab etiladi. Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda xuddi shunday talab 1-sentabrdan boshlab joriy etiladi.
"Puteshestvuyu bez COVID-19" dasturida YeOII hududida qabul qilingan sanitar-epidemiologik normalardan tashqari verifikatsiya qilingan laboratoriyalar ro‘yxati mavjud. Undan tashqari mobil ilovada PZR testlar natijalarini va QR-kodlarni saqlab qo‘yish mumkin. Bugungi kunga qadar 530 mingdan ortiq foydalanuvchilar ushbu dasturni o‘z smartfonlariga yuklayub olishgan.
Mobil ilova chegara nazorat punktlarida kirib kelayotgan shaxslarning PZR-test natijalarini tezkor tartibda tekshirish imkonini beradi. Kasallik aniqlanmagan fuqarolarda QR-kod yashil rangda bo‘ladi.