TOShKENT, 27-iyul - Sputnik. Oliy Majlisning qonunchilik palatasida bugun qonun hujjatlariga vaksinatsiyaga doir ayrim qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi yangi qonun uchinchi o‘qishda tasdiqlandi va senatga yuborildi.
Yangi qonun aholi orasida bir zumda turli fikr va bahslar ketirib chiqardi. Bu borada Sputnik muxbiri qonun muhokamasida ishtirok etgan deputat, Dilmurod Ismoilov bilan suhbat qildi.
Odamlarda xavotir tug‘ilishi tabiiy – odamlarning aksariyati ushbu qonunni “endi vaksinatsiya (emlash jarayoni) majburiy bo‘ladi” degan ma’noda talqin qilishi mumkin, - deydi deputat, lekin bu yerda gap majburiy vaksinatsiya to‘g‘risida bormayapti. Bugungi muhokamadagi qonunga muvofiq, amaldagi Mehnat kodeksiga va Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartishlar kiritilyapti, xolos.
Bu qanaqa o‘zgartirish va qo‘shimchalar, desak, umuman, profilaktik emlash joriy qilinishi bilan bog‘liq Bosh sanitariya va epidemiologiya vrachiga sog‘liqni saqlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi qonuni joriy etish to‘g‘risida qaror qilish mumkin, degan, vakolat berilyapti.
Undan tashqari Mehnat kodeksining 113 moddasiga, ish beruvchiga yuqumli kasallik tarqalish ehtimoli mavjud bo‘lganda, xodim profilaktik emlash jarayonidan o‘tishdan voz kechgan taqdirda, uni ishga qabul qilmaslik huquqi berish to‘g‘risida qo‘shimcha kiritilmoqda.
Ammo bu ommaviy emlash degan masala emas. Buni to‘g‘ri tushunishimiz kerak. Amaldagi mehnat kodeksida ish beruvchining majburiyatlari biriktirilgan. Majburiyatlari nimada? Birinchi navbatda xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishda. Ya’ni, jamoada nechta xodim ishlasa ham, ularga xavfsiz mehnat sharoitini yaratib berishi kerak.
Masalan, jamoada 10 ta yoki 50ta, yeki 100 nafar xodim ishlashidan qat’iy nazar, kasal xodim kelib kasallikni tarqatishining oldini olishi kerak. Shu yo‘sinda, qonunni qabul qilishdan maqsad, korxonalarda mehnat faoliyatini yuritadigan xodimlarni muhofaza qilish, korxonada ishni to‘xtab qolishini oldini olish, mehnat jamoalarida vaksina bilan profilaktik emlash bo‘yicha tadbirlarni kuchaytirishga qaratilgan.
Bunda agar xodimning qonuniy asosi bo‘lgan taqdirda, deylik, sog‘lig‘i ko‘tarmasa, shifokorni qarshi ko‘rsatmasi bo‘ladigan bo‘lsa, u vaksina olishni rad etishi mumkin va ish beruvchining uni ishga qo‘ymaslik bo‘yicha huquqi bo‘lmaydi. Qonun uchta o‘qishda deputatlar tomonidan qabul qilindi va ko‘rib chiqish uchun Senatga yuborildi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirusga chalinish bo‘yicha antirekord har kuni yangilanmoqda. 26-iyul kuni yana 789 kishida koronavirus va 521 kishida pnevmoniya aniqlangan. Vafot etganlar soni 6 kishini tashkil qilmoqda.
bugungi kunda O‘zbekistonda 9 mlndan ortiq vakinalar olib kelingan, lekin aholining ayrim guruhlari emlanishdan voz kechishmoqda.