Yuzdan ziyod o‘zbekistonliklar Kosmodrom atrofidagi qurilishda ishlash uchun jo‘nab ketishdi

Ta’kidlanishicha, ushbu fuqarolarni karantin manziliga joylashtirish, ro‘yxatga olish, ishlash huquqini beruvchi patent, 3 mahal ovqat, yotoqxona, maxsus kiyim xarajatlari ish beruvchi tomonidan qoplanadi.
Sputnik
TOShKENT, 26-iyul - Sputnik. Namangandan 141 nafar fuqaro Kosmodrom atrofidagi qurilish obyektlarida ishlash uchun jo‘nab ketdi, deb xabar bermoqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi.
Xabarda aytilishicha, migrantlar o‘rtasida Rossiya Federatsiyasining “Povoljskoe Stroitelnoe Predpriyatie” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida imzolangan hamkorlik kelishuvi asosida Agentlikning mintaqaviy filiallarida qurilish sohasida ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar ishtirokida tanlov o‘tkazilgan.
Rossiyada migrantlarni ishga yollovchilar qattiq nazoratga olinadi
"Namangan viloyatida ushbu tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tib, tibbiy ko‘rik natijalari ijobiy chiqqan 141 nafar fuqaro Namangan xalqaro aeroportidan Rossiyaning Amur viloyatida Kosmodrom atrofidagi qurilish obyektlarida ishlash uchun jo‘nab ketdi", - deyiladi xabarda.
Tadbirda Agentlikning Namangan viloyati filiali mas’ul xodimlari tomonidan vaqtinalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan fuqarolarga o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha tushuntirish, targ‘ibot ishlari olib borilib, sohalarga oid buklet, tarqatma materiallar berildi.
Ta’kidlanishicha, ushbu fuqarolarni karantin manziliga joylashtirish, ro‘yxatga olish, ishlash huquqini beruvchi patent, 3 mahal ovqat, yotoqxona, maxsus kiyim xarajatlari ish beruvchi tomonidan qoplanadi.