TOShKENT, 26-iyul — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda “Qizilsoyda cho‘milgan ayol samosud qilindi” sarlavhasi bilan video tarqaldi.
Holat Parkent tumani IIB Navbatchilik qismida 2021-yil 20-iyul kuni ro‘yxatga olingan, deb xabar qildi Toshkent viloyati IIBB.
Unga ko‘ra, Parkent tumani, Nevich mahallasida yashovchi 1984-yilda tug‘ilgan fuqaro M.M.(ayol) mahalla hududidan oqib o‘tuvchi “Qizilsoy” soyida cho‘milayotgan 1987-yilda tug‘ilgan fuqaro D.G.(ayol)ni yoniga borib, bu suvdan iste’mol qilishlarini aytgan va u bilan janjallashib, D.G.ning egnida bo‘lgan kiyimlarini zo‘rlik bilan yechib tashlagan. Uni urib-tepib tan jarohati yetkazgan.
Holat yuzasidan Parkent tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi 1-qismi va 140-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.