Oksana Chusovitina O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarib chiqmaydigan bo‘ldi

O‘zbekiston jamoasida bayroqdorlar o‘zgardi: Oksana Chusovitina va Bobo-Usmon Baturov o‘rniga Bahodir Jalolov va Nigora Tursunqulovalar chiqishi ma’lum bo‘lgan.
Sputnik
TOShKENT, 23-iyul — Sputnik. Taniqli gimnastikachi Oksana Chusovitina Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarib chiqmaydigan bo‘ldi. Bu haqida sportchining o‘zi Sputnik muxbiriga ma’lum qildi.
Sportchi aytishiga ko‘ra, ushbu vaziyat uni musobaqalar oldidan xafa qilgan.
“Menga hech kim sababini tushuntirmadi, faqat sen chiqmaysan deyishdi tamom. <...> Motivatsiyani o‘ldirishdi. <...> Hech bo‘lmasa sababini tushuntirib berishsa bo‘lardi. Hammamiz ham odam-ku, tushunardik”, - dedi Chusovitina.
Eslatib o‘tamiz, 17-iyul kuni O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Tokio Olimpiadasining ochilish marosimida O‘zbekiston bayrog‘ini Oksana Chusovitina va bokschi Bobo-Usmon Baturov olib chiqishini xabar qilishgan edi. Lekin 22-iyul kuni ma’lum bo‘lishicha XXXII yozgi Olimpiya O‘yinlarida O‘zbekiston bayrog‘ini bokschi Bahodir Jalolov va txekvondochi Nigora Tursunqulova ko‘tarib chiqishi ma’lum bo‘lgan.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi hozircha vaziyatga hozircha izoh bergani yo‘q. Ushbu mavzuda Sputnik tomonidan yuborilgan so‘rovlarga ham hozircha javob kelmadi.