O‘zbekistonda ertaga prezident saylovi kampaniyasiga rasman start beriladi

Navbatdagi prezident saylovi ko‘p partiyaviylik, nomzodlar raqobati, ochiqlik, fikr erkinligi va chinakam tanlov sharoitida o‘tkaziladi
Sputnik
TOShKENT, 22-iyul - Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan joriy yil 23-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasi boshlanganligi rasman e’lon qilinadi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Sal avval O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov mamlakatda sog‘lom partiyalararo raqobat va barcha partiyalarga saylov kampaniyasini o‘tkazish uchun teng shart-sharoitlar yaratilgan hamda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun ajratilgan budjet mablag‘larini adolatli taqsimlash, ovoz berishning halol va qonuniy bo‘lishini ta’minlash yuzasidan zarur choralar ko‘rilgani haqida ma’lum qilgan edi.
MSK prezident saylovlariga ShHT kuzatuvchilari missiyasini taklif etdi
Boshqacha aytganda, navbatdagi prezident saylovi ko‘p partiyaviylik, nomzodlar raqobati, ochiqlik, fikr erkinligi va chinakam tanlov sharoitida o‘tkaziladi, deb ta’kidlash uchun barcha asoslar mavjud, degan edi akademik.
2021 yil uchun O‘zbekiston davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonunga binoan joriy yilning oktabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish maqsadida Markaziy saylov komissiyasiga ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdori 300 milliard so‘m etib belgilangan.
Saylovda ishtirok etadigan siyosiy partiyalarni moliyalashtirish uchun ya’ni umumpartiyaviy tadbirlar va siyosiy partiya tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarning saylovoldi tashviqoti va targ‘ibot ishlarini amlaga oshirish xarajatlari uchun – 15 milliard 486 million so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.