TOShKENT, 22-iyul – Sputnik. “Asakabank” xodimi Osiyo Taraqqiyot bankining 2 mln. dollar miqdoridagi kredit mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, talon-taroj qilib yubordi, deb xabar qilmlqda Buxoro vloyati IIBB.
Ma’lum bo‘lishicha, “Asakabank” Buxoro filiali sobiq mansabdori, “G.B.A.” va “K.s” MChJlari rahbarlari bilan til biriktirgan holda, hujjatlarni qalbakilashtirish yo‘li bilan, 2 mln AQSh dollari miqdorida kredit mablag‘larini qo‘lga kiritgan.
Kredit mablag‘lari yetarlicha kafolatlanmagani va o‘z vaqtida qaytarilmagani sababli davlatga jami 1 mln 640 ming AQSh dollaridan (17,3 mlrd. so‘m) ziyod zarar yetkazilgan.
“Osiyo taraqqiyot banki” tomonidan ajratilgan kredit mablag‘lari, aslida, O‘zbekiston prezidenti qaroriga muvofiq Meva-sabzavotchilik tarmog‘ida qo‘shilgan qiymat yaratish zanjirini rivojlantirish maqsadlarida ishlatilishi kerak bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh: JKning 168-moddasining 4 – qismi – “Uyushgan guruh tomonidan juda ko‘p miqdorda firibgarlik” qilishni nazarda tutadi. Ushbu jinoyat uchun 8-yildan 10-yilgacha qamoq jazosi yoki yetkazilgan zararni to‘liq qoplagan taqdirda – qamoq jazosi qo‘llanmasligini nazxarda tutadi.