TOShKENT, 15-iyul — Sputnik. Toshkentda Amir Temur xiyobonida yarim tunda 150-200 nafar muxlislarini to‘plagan “Subo” taxallusli rossiyalik bloger Mamedov Subxanga chora ko‘rildi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan dastlabki tekshiruv natijasiga ko‘ra, 26 nafar fuqaro (shu jumladan, S.Mamedov va uning kuzatuvchilari) karantin qoidalariga zid ravishda jamoat joyida tibbiy niqobsiz bo‘lgani uchun MJtKning 54-moddasiga asosan BHMning besh baravarigacha (1 mln 225 ming) miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Shuningdek, 83 nafar fuqaroga nisbatan hujjatlar rasmiylashtirish jarayonida 9 nafar voyaga yetmagan shaxsning ota-onasi bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, ogohlantirilgan.
Hozirda surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu rossiyalik blogerning Toshkentdagi muxlislari bilan uchrashuvi tarqatib yuborilgan edi. Chunki respublikadagi epidemiologik vaziyat tufayli barcha turdagi ommaviy bayram tadbirlari, jumladan, konsert, festivallar vaqtincha to‘xtatilgan. 50 nafardan ko‘p bo‘lgan kishilar bir joyda, bir vaqtning o‘zida to‘planmasligi tavsiya etilmoqda.