TOShKENT, 14-iyul - Sputnik. Toshkent markazi - Amir Temur xiyobonida ichki ishlar organlari rossiyalik bloger va uning kuzatuvchilari uchrashuvini tarqatib yubordi.
Bu haqda IIBB axborot xizmati o‘z rasmiy sahifasida xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, 13-iyul kuni taxminan soat 22.30 larda Toshkent shahriga Instagram va Youtube ijtimoiy tarmoqlarida "Subo" nomi bilan tanilgan bloger – 22 yoshli Rossiya fuqarosi Mamedov Subxan Murad o‘g‘li tashrif buyurgan. Bundan oldinroq u o‘zining sahifasida tez orada Toshkentda bo‘lishini va kuzatuvchilari bilan uchrashib, ularga pul tarqatishini ma’lum qilgan.
Toshkentning Amir Temur hiyobonida Mamedovni kutib olish uchun 150-200 ga yaqin fuqarolar yig‘ilgan.
"Hozirgi kunda epidemiologik vaziyatni inobatga olib, yurtimizda karantin cheklovlari o‘rnatilganligi sababli, ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan fuqarolarga karantin qoidalariga rioya etishlari hamda ommaviy ravishda to‘planmasliklari tushuntirilgan va fuqarolar tarqatilgan", - deyiladi IIBB xabarida.
IIO vakillari bloger bilan profilaktik suhbat o‘tkazishgan.
Mazkur voqeada qonun buzilishi holatlari va tartibsizliklar yuz bermagan.
Toshkent shahar IIBB fuqarolardan bunday mazmundagi chaqiriqlarga uchmasliklarini va karantin qoidalariga rioya etgan holda ommaviy ravishda to‘planmasliklarini so‘rab qolgan.