TOShKENT, 14-iyul — Sputnik. O‘zgidromet Namangan viloyati Kosonsoy tumanida 13-iyul kunduzi kuzatilgan gidrometeorologik vaziyat to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, o‘sha kuni Qirg‘izistonning shimoli-g‘arbiy qismi va Qozog‘iston janubidan atmosfera sovuq fronti o‘tgan. Kunning ikkinchi yarmida buning ortidan Farg‘ona vodiysi tog‘ havzalarida kuchli yomg‘irli to‘p-to‘p bulutlar rivojlangan.
Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Oqsuv va Olabuqa tumanlarida yoqqan kuchli jala yomg‘irlar Kosonsoy tumanidan oqib o‘tuvchi Kosonsoy soyida sel oqimini hosil qilgan.
Tumanning ayrim hududlarida qisqa muddatli jala yomg‘irlari va do‘l kuzatilgan. O‘rtacha hisobda do‘l diametri 1 santimetrni tashkil etgan.
Qayd etilishicha, Kosonsoy tumani tog‘oldi hudud hisoblanadi. Georafik joylashganligiga ko‘ra, sel-toshqinlari hosil bo‘lishiga moyil hudud sanaladi. 13-iyul kuni Qirg‘iziston hududlarida kuzatilgan kuchli jala yomg‘irlar hisobiga shakllangan Kosonsoy soyidagi sel hodisalari oldinlari tumanning boshqa soylarida ham tez-tez takrorlangan. Kecha Kosonsoy soyidan maksimal 60 m³/s miqdordagi sel-suv toshqini o‘tgan.
Gidrometeorologiya xizmati markazi mahalliy aholidan 14-17 iyul kunlari Qirg‘iziston bilan chegaradosh bo‘lgan hududlardagi dam olish maskanlariga bormaslikni so‘ragan.