TOShKENT, 13-iyul — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risidagi hujjatga imzo qo‘ydi. Unga muvofiq, O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2021-yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 20-iyul kuniga to‘g‘ri kelishi haqida qabul qilgan qarori inobatga olingan.
"Muborak Qurbon hayitining xalqimizga xos bo‘lgan insonparvarlik, mehr-oqibat, saxovat va o‘zaro hamjihatlik kabi fazilatlarni qaror toptirishdagi muhim ahamiyatini e’tiborga olib hamda milliy-diniy qadriyatlarimizni ulug‘lash maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2021-yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 20-iyul – seshanbaga to‘g‘ri kelishi haqida qabul qilgan qarorini inobatga olib, mamlakatimizda 2021-yil 20-iyul kuni Qurbon hayiti bayrami etib belgilansin", deyilgan prezident qarorida.
Qaror bilan vazirlik va idoralar, hokimliklar hamda jamoat tashkilotlariga Qurbon hayitini karantin talablariga amal qilgan holda xalqimizning milliy va diniy an’analariga mos ravishda oila davrasida o‘tkazish afzalligi haqida keng tushuntirish ishlarini amalga oshirish topshirildi.