TOShKENT, 12-iyul - Sputnik. Toshkentda 15—16 iyul kunlari "Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdid va imkoniyatlar" mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘tkaziladi. Tadbir munosabati bilan 15—16 iyul kunlari Toshkentdagi ayrim markaziy ko‘chalar yopiladi, deb xabar bermoqda Toshkent shahar IIBB.
Tadbirda 400 dan ortiq xorijiy mehmonlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Poytaxt IIBB matbuot xizmati tadbirni o‘tkazish jarayonida Tashkent City majmuasi atrofidagi quyidagi yo‘llar transport vositalarining harakatlanishi uchun yopilishini ma’lum qildi:
Islom Karimov ko‘chasi: Turob To‘la ko‘chasidan Furqat ko‘chasigacha bo‘lgan qismi; Furqat ko‘chasining mahalliy yo‘li: Islom Karimov ko‘chasidan Navoiy ko‘chasigacha; Olmazor ko‘chasi: Beshog‘och ko‘chasidan Navoiy ko‘chasigacha bo‘lgan qismi.
Shuningdek, ushbu ko‘chalarga tutash yo‘llarda harakatlanish vaqtincha cheklanishi mumkin.
"Vujudga kelishi mumkin bo‘lgan tirbandliklarning oldini olish maqsadida haydovchilarga boshqa aylanma yo‘llardan foydalanishni tavsiya etamiz. Noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz", — deyiladi xabarda.