TOShKENT, 12-iyul — Sputnik. Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda yaqinda Respublika maxsus komissiya tomonidan kiritilgan karantin cheklovlari tugatilishi haqida xabarlar tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi bu haqiqatga zid ekanini ma’lum qildi.
Respublika maxsus komissiyasi tomonidan bir qator cheklovlar bilan birga kafe, restoran va boshqa ko‘ngilochar muassasalarning 08:00 dan 20:00 gacha ishlashiga ruxsat berilgan edi.
“Mazkur holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi shuni ma’lum qiladiki, ushbu tartiblar Respublika maxsus komissiyasi tomonidan ma’lum bir muddat uchun qabul qilingan emas, ya’ni epidemiologik vaziyat barqarorlashganda ushbu cheklovlar bekor qilinadi. Ammo hozirda ularga hech qanday o‘zgarish kiritilmagan”, - deyilgan xabarda.
Vazirlik agar karantin qoidalariga oid biror o‘zgarish kiritilsa, bu idora rasmiy sahifalari orqali e’lon qilinishini qo‘shimcha qilgan.