Rossiyalik bloger Eldor Shomurodov bilan Jarqo‘rg‘onda katta intervyu uyushtirdi

Rossiyalik bloger Yevgeniy Savin O‘zbekiston milliy jamoasi va Italiyaning "Jenoa" klubi hujumchisi Eldor Shomurodov haqida katta ko‘rsatuv suratga oldi.
Sputnik
TOShKENT, 12-iyul — Sputnik. Rossiyalik sobiq futbolchi, YouTube᾽dagi “KraSava” kanali boshlovchisi Yevgeniy Savin O‘zbekiston terma jamoasi va “Jenoa” klubi hujumchisi Eldor Shomurodov bilan katta intervyu uyushtirdi.
Buning uchun u O‘zbekistonga, xususan, Eldor Shomurodov o‘sib-ulg‘aygan Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumaniga keldi.
Shomurodov rossiyalik blogerni o‘z uyiga taklif qilgan. Eldor futbolchilik faoliyatida qo‘lga kiritgan shaxsiy sovrinlari jamlanmasini ko‘rsatgan.
Suhbat davomida Savin Shomurodovdan “Roma”ning qiziqishi haqida so‘ragan. Futbolchi esa bundan bexabarligini bildirgan.
Eldor Shomurodov jamoasini o‘zgartirishi mumkin: “Yuventus”, “Roma” yoki “Milan”
Futbolchi “Nega terma jamoa hech qachon jahon chempionatiga chiqmagan? Nima yetishmaydi”? degan savoliga quyidagi javob berdi: Tajribali futbolchilar, yaxshi chempionatlarda o‘ynaydigan futbolchilar ko‘p bo‘lishi kerak. Kuchli chempionatda o‘ynasangiz, tajriba ortib boradi va futbolchi sifatida o‘sasiz. O‘shanda hammasi o‘xshaydi. Bunga vaqt kerak. Futbolchilarda ham o‘ziga bo‘lgan ishonch oshib bormoqda”.
Ko‘rsatuv davomida Shomurodov bolaligida paxta tergani va bozorda ishlagani haqida hikoya qilib bergan: “Bolaligimizda paxta terardik, hamma terardi. U vaqtda paxta og‘irroq bo‘lsin deb ichiga tosh ham tashlardik. Ha, bozorda ham ishlaganman. Ota-onamga yordam berardim. Oziq-ovqat sotardik. Bozorda ishlaydiganlar meni eslab qolgan bo‘lsa kerak”.