TOShKENT, 12-iyul - Sputnik. "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ foydasiga Qozog‘iston korxonasidan 44,5 ming dollar undirildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi.
Xabarda aytilishicha, Savdo-sanoat palatasiga uning a’zosi "O‘zbekiston temir yo‘llari" murojaat qilib, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda amaliy yordam so‘ragan.
Ma’lum bo‘lishicha, "O‘zbekiston temir yo‘llari" va Qozog‘istonda faoliyat yurituvchi "KZ-Eksport 2018" korxonasi o‘rtasida yuk vagonlarini ijaraga berish shartnomasi imzolangan. Biroq, qozoq korxonasi shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni lozim darajada bajarmagani, ya’ni yuk vagonlari o‘z vaqtida qaytarmagani natijasida O‘zbekiston tomoniga moddiy zarar yetkazilgan.
Shundan so‘ng Qozog‘iston korxonasi shartnoma shartlarini lozim daraja bajarmaganligi oqibatida hisoblangan jarima mablag‘larini undirish yuzasidan Savdo-sanoat palatasi tomonidan sudga da’vo arizasi kiritilgan.
"Toshkent shahar iqtisodiy sudining hal qiluv qarori bilan Palataning da’vo talablari qanoatlantirilib, Qozog‘iston korxonasi hisobdan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ foydasiga 44 580 AQSh dollari miqdorida zarar undirib berilgan", - deyiladi xabarda.