TOShKENT, 8-iyul – Sputnik. Ma’lumki O‘zbekistonda 5-iyul kuni “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida" yangi qonun qabul qilingan edi. Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda “xijobda maktabga kelishga ruxsat berildi” kabi mish-mishlar tarqalib turli savollar paydi bo‘ldi.
Xalq ta’limi vazirligi ushbu asossiz ma’lumotlarni inkor etib, bunga quyidagicha izoh bermoqda:
1.
O‘quvchilarning maktab formasini kiyish tartibi va talabi o‘zgarmaydi;2.
Vijdon erkinligi to‘g‘risidagi qonun sharhida davlat tashkilotlari va muassasalarida kiyinish talablari ularning ichki hujjatlari bilan tartibga solinadi, deyilgan;3.
O‘quvchilar kiyinish madaniyati amaldagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning 49-moddasida hamda "Yagona maktab formasi joriy etish to‘g‘risidagi Nizom"da belgilangan. Xususan, quyidagilarga ruxsat berilmaydi:o‘g‘il bolalar tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, soqol qo‘ygan, sochi 2-3 santimetrdan uzun bo‘lgan va yorqin ranglarga bo‘yagan holda kelishlariga;
qiz bolalar tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, sochini yorqin ranglarga bo‘yagan, yuzini ko‘zga tashlanadigan darajada makiyaj qilgan, qulog‘iga bittadan ortiq sirg‘a taqqan, barmoqlariga uzuk taqqan, qo‘l tirnoqlarini bo‘yagan va uzun qilib o‘stirgan holda kelishlariga yo‘l qo‘yilmaydi;
Shuningdek, yuqoridgi Nizomning 7-bandida o‘quvchilar ta’lim muassasasi binosi ichida bosh kiyimsiz yurishlari lozimligi belgilangan;
Undan tashqari. 2024-2025 o‘quv yilidan boshlab barcha maktablarda zamonaviy yagona maktab formasini kiyib yurish majburiy bo‘ladi. Ushbu talab bugungi kunda ham ko‘plab maktablarda joriy etilgan.
XTV, shuningdek, bolalarining kiyinishi va odob-axloqi uchun ota-onalar javobgarligi qonun bilan belgilanganini va ushbu vazifaga ma’suliyat bilan yondashish kerakliklarini va aks holda, ular tegishli tartibda javobgarlikka tortilishi mumkin ekanligini eslatib o‘tgan.