TOShKENT, 8-iyul - Sputnik. Toshkentda 15-16 iyul kunlari bo‘lib o‘tadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” anjumanida kimlar ishtirok etishi ma’lum bo‘ldi.
Anjumanda O‘zbekiston prezidenti, Afg‘oniston prezidenti, Pokiston bosh vaziri, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari, boshqa xorijiy davlatlarning tashqi ishlar vazirlari va yuqori darajadagi vakillari, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, global moliyaviy institut va kompaniyalar, yetakchi ilmiy-tadqiqot va tahliliy markazlarning rahbarlari ishtirok etishi rejalashtirilgan, - deyilgan xabarda.
Ushbu anjuman Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi tarixan yaqin va do‘stona aloqalarni, ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni ikki mintaqa xalqlari va mamlakatlari manfaatlari yo‘lida mustahkamlashdir.
Forum ishtirokchilari yalpi va sho‘’ba majlislarda mintaqaviy bog‘liqlikni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsion va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qiladilar.
Kun tartibidan savdo, investitsiyalar, transport, energetika va innovatsiyalar, “yashil” texnologiyalar sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, kooperatsiya bo‘yicha aniq loyiha va dasturlarni amalga oshirish, turizm, ta’lim, sog‘liqni saqlash, fan va madaniyat sohalarida sheriklikni kengaytirish, ikki mintaqa barqarorligi va xavfsizligini ta’minlash yuzasidan batafsil fikr almashish va birgalikda takliflar ishlab chiqish o‘rin olgan.