Yana mingdan ziyod afg‘on harbiylari Tojikistonga chekindi

Toliblar bilan bo‘lgan qurolli to‘qnashuvlar chog‘ida 1037 nafar Afg‘oniston hukumati harbiylari qo‘shni mamlakatga chekingan.
Sputnik
TOShKENT, 5-iyul — Sputnik. Toliblar bilan janglardan so‘ng mingdan ziyod Afg‘oniston harbiylari Tojikiston hududiga chekindi. Bu haqda Tojikiston davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi chegara qo‘shinlari matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 4-iyuldan 5-iyulga o‘tar kechasi “Tolibon”* harakati jangarilari Afg‘onistonning Badaxshon viloyatidagi Xohon, Shikay, Nusay, Mohimay, Shug‘non va Sulton Ishkoshim tumanlarini o‘z nazoratiga olgan.
Uch yuzdan ziyod afg‘on harbiylari Tojikistonga qochib o‘tdi
Toliblar bilan bo‘lgan qurolli to‘qnashuvlar chog‘ida 1037 nafar Afg‘oniston hukumati harbiylari shaxsiy tarkibni saqlash qolish maqsadida Tojikiston hududiga chekingan.
Qayd etilishicha, tojikistonlik chegarachilar insoniylik va ahil qo‘shnichilik tamoyillariga amal qilgan holda afg‘onistonlik harbiylarga o‘z hududiga o‘tishga ruxsat bergan.
Kuni kecha Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon afg‘onistonlik hamkasbi Ashraf G‘ani bilan telefon orqali muloqot qilib, chegaradagi vaziyatdan xavotir bildirgan edi.
* Rossiya va qator mamlakatlarda taqiqlangan terrorchilik tashkiloti