TOShKENT, 1-iyul — Sputnik. Toshkent-O‘sh xalqaro avtomobil yo‘li Qamchiq dovonining 260-kilometrida yoqilg‘i tashuvchi yuk mashinasi (benzovoz) yonib ketdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Hodisa bugun, 1-iyul kuni, soat 14:25 da ro‘y bergan. Mashina Farg‘ona vodiysi tomon harakatlanayotgan bo‘lgan. Yong‘in haydovchining boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida sodir bo‘lgan.
Voqea joyiga FVVning Qamchiq maxsus qidiruv yong‘in-qutqaruv boshqarmasi zudlik bilan yetib borgan. Qutqaruvchilar yonib ketgan yuk mashinasini tezda o‘chirishga muvaffaq bo‘lgan. Ammo hodisa oqibatida mashina salonida bo‘lgan ikki kishi halok bo‘lgan.