TOShKENT, 29-iyun — Sputnik. Tojikiston Havo hujumidan mudofaa va Harbiy havo kuchlari qo‘mondoni general-leytenant Rahmonali Safaralizoda boshchiligidagi harbiy delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga polkovnik qo‘mondon o‘rinbosari Bunyod Jo‘razoda hamda qo‘mondonning xalqaro masalalar bo‘yicha yordamchisi podpolkovnik Farrux Mirzosharifzoda hamrohlik qilgan.
Delegatsiya O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi shtab boshlig‘i polkovnik Rustam Nasritdinov, qo‘mondon o‘rinbosarlari – polkovniklar Ulug‘bek Shodibekov, Sharif Jo‘raboyev va podpolkovnik Sobir Ashurov tomonidan kutib olindi.
Tashrif jarayonida tomonlar ikki davlat hukumat vakillari hamda mudofaa vazirlari tomonidan ushbu sohaga oid imzolangan kelishuvlar ijrosini ta’minlash borasida o‘zaro fikr almashdilar.
Uchrashuv chog‘ida Farrux Mirzosharifzoda harbiy uchuvchi kadrlarni tayyorlashda O‘zbekiston mudofaa vazirligi bilan olib borilayotgan hamkorlikni alohida e’tirof etdi.
O‘z navbatida polkovnik Rustam Nasritdinov tojikistonlik mehmonlarning amaliy tashrifi, ikki qo‘shni davlat o‘rtasida har tomonlama aloqalarini mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi ishonchli qadam ekanligini ta’kidladi.