Surxondaryo viloyatidagi masjid buzilmaydi - hokimlik bayonoti

Surxondaryodagi "Chilgaz ota" masjidi buzilayapti, degan xabarlarga javoban viloyat matbuot-xizmati masjid buzilmasligi, aksincha, yana bir zamonaviy yangi bino qurilishini bildirdi.
Sputnik
TOShKENT, 29-iyun - Sputnik. Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan viloyat hokimi To‘ra Bobolov masjidlardan birini buzdirayotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilgan:
Viloyat hokimi To‘ra Bobolov 2021-yilning 26-iyun kuni Qiziriq tumanining Rabatak mahallasida bo‘lganida faollar tomonidan markaziy “Chilgaz ota” jome masjidi namozxonlar uchun torlik qilayotgani aytilib, uning o‘rnida zamonaviy qulayliklarga ega, sig‘imi 3 ming kishilik yangi masjid qurish taklifi bildirilgan.
Viloyat hokimi masjiddagi shart-sharoitlar bilan tanishgach, faollarning taklifini qo‘llab-quvvatlagan. Masjid joylashgan hududda uni kengaytirishning imkoni yo‘qligi inobatga olinib, zamonaviy qulayliklarga ega yangi markaziy masjidni bunyod etish uchun boshqa joydan yer ajratish, bunisini mahalla namozxonlari uchun qoldirish haqida mutasaddilarga ko‘rsatma berilgan. “Chilgaz ota” jome masjidini buzdirish to‘g‘risida esa gap-so‘z bo‘lmagan.
Hokimlik matbuot-xizmati o‘zbekistonliklardan ushbu mazmundagi yolg‘on xabarlarga ishonmaslikni so‘rab qolgan va qonunchilikda yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik belgilanganligini eslatib o‘tgan.