TOShKENT, 28-iyun — Sputnik. Toshkent shahrida tashkil etilgan Yangi O‘zbekiston universiteti barcha bilimdon yoshlar uchun ochiq. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
“Bir oy ichida Universitet ustavi tasdiqlanib, davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Ta’lim jarayoni shu o‘quv yilidan boshlanadi. Bu universitetda faqat Prezident maktabi bitiruvchilari o‘qiydi, degan xulosaga o‘rin yo‘q. U barcha bilimdon yoshlar uchun ochiq”, - dedi Asadov brifing davomida.
Prezident qarori bilan poytaxtda Yangi O‘zbekiston universiteti tashkil etilgan edi. Yangi universitetda ta’lim jarayoni dunyoning eng nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Masalan, Kembrij universiteti qabul imtihonlarini o‘tkazadi. Massachusets texnologiya instituti hamda Munxen texnika universiteti bilan birgalikda o‘quv reja va dasturlar ishlab chiqiladi. Shuningdek, ular ta’lim sifatini nazorat qilish, laboratoriya va kutubxonalarni to‘ldirishga ko‘maklashadi.
Universitetda 5 ta – muhandislik, tabiiy fanlar, boshqaruv, agrotexnologiyalar va axborot texnologiyalari fakultetlari bo‘ladi. Darslar o‘zbek va ingliz tillarida olib boriladi. Kredit-modul tizimi joriy etilib, o‘qish davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Ushbu ta’lim maskanining o‘quv binosi va kampuslari ham zamonaviy, xalqaro BREEAM sertifikatlariga mos bo‘ladi. Ilk o‘quv yili 2021-yil sentabrdan boshlanadi. Yangi bino qurilguncha darslar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining bo‘sh binolarida vaqtinchalik o‘tib turiladi.
Universitetni tamomlagan O‘zbekiston fuqarolari Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Milliy kadrlar zaxirasiga olinadi hamda 5-yillik ish tajribasidan so‘ng rahbarlik lavozimiga tayinlanadigan istiqbolli nomzodlar ro‘yxatiga kiritiladi.