UzAutoga jo‘natilgan po‘lat listlar yo‘lda o‘g‘irlangani ma’lum bo‘ldi

“Nexia-3”, “Gentra” va “Labo” avtomobillari kuzov qismlari uchun mo‘ljallangan po‘lat listlar yo‘lda o‘g‘irlangani ma’lum bo‘ldi.
Sputnik
TOShKENT, 26-iyun — Sputnik. Rossiyaning "Severstal" kompaniyasidan UzAutoga avtomobil kuzovi uchun detallar ishlab chiqarish maqsadida yuborilgan po‘lat listlarining bir qismi o‘g‘irlandi, deb xabar qilmoqda O‘zavtosanoat.
Ma’lum bo‘lishicha, temir yo‘l vagonlarida yuborilgan po‘lat listlarning bir qismi kompaniyaga yetib kelgunga qadar, noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlangan.
“Ushbu po‘lat listlar 2030 ta “Nexia-3” yoki 871 ta “Gentra” yoki 970 ta “Labo” avtomashinalari kuzov qismlarini ishlab chiqarish uchun ishlatilgan bo‘lardi”, - deyilgan kompaniya xabarida.
Xizmat tekshiruvida aniqlangan barcha faktlar O‘zbekiston Transport prokuraturasiga yuborildi. Kompaniya
aybdorlarni aniqlash, yetkazilgan zararni undirish va bu kabi holatlar kelgusida takrorlanmasligi uchun choralari ko‘rilishiga umid qilmoqda.