TOShKENT, 26-iyun - Sputnik. Namoz va boshqa ibodat amallarini ochiq havoda bajarish tavsiya etildi, deb xabar qilmoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi.
Respublika maxsus komissiyasi tavsiyasi:
kunlik va juma namozlarini faqat masjidning ochiq havodagi maydonlari(ochiq ayvonlar, masjid hovlisi, masjidga tutash ichki ko‘chalar)da tibbiy niqobda va oraliq masofani saqlagan holda tashkil etilishi;
65 yosh va undan katta yoshdagi fuqarolar hamda surunkali kasalligi mavjud shaxslarga ular tomonidan diniy tadbirlarni imkon qadar uy sharoitida amalga oshirish;
Respublikada faoliyat yuritayotgan boshqa diniy konfessiyalarga mansub diniy tashkilotlarda ham jamoaviy ibodatlarni yuqoridagi tartiblar asosida amalga oshirish tavsiya etildi, deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi kunlarda O‘zbekistonda ham koronavirusga chalinish holatlari keskin oshishi kuzatilmoqda. Yangi kasallik holatlari Toshkent shahrida ko‘p uchramoqda. Maxsus komissiya qaroriga ko‘ra, 25-iyun kuni Toshkent shahriga kirishga cheklov o‘rnatilgan va "qizil hudud" deb e’lon qilingan edi.