O‘zbek-xitoy vaksinasi "hind shtammi"ga ham qarshi tura oladi

ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan Xitoyda shu kunga qadar 90 million kishi emlangan va ulardan birortasi ham koronavirusga chalinmagan.
Sputnik
TOShKENT, 25-iyun - Sputnik. Xitoyning Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd va O‘zbekiston ishtirokida ishlab chiqilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi koronavirusning "delta shtammiga" qarshi samarador, deb xabar qilmoqda vazirlik.
"Laboratoriya tekshiruvlari vaksinatsiyalangan odam zardobi ham, hayvonlar zardobi ham delta variantga qarshi himoyalanganini namoyon etgan. Ayni paytda ma’lumotlar tasniflanmoqda va maqola yaqin kunlarda chop etilishi kutilmoqda", - deyilgan xabarda.
Shuningdek, ushbu vaksina Covid-19 virusining ayni vaqtda dunyoda tarqalgan afrikancha (501Y.V2) va britancha (D614G) variantlaridan himoya qila olishini tasdiqlangan.
Ma’lumot uchun, shuni ta’kidlash joizki, hozirgacha Xitoyda 90 million aholi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan emlangan. Ularning aksariyati vaksinaning birinchi va ikkinchi dozalarini olishgan. Shu paytgacha mazkur vaksina bilan emlanganlar orasida koronavirusga chalinganlar aniqlanmagan.