TOShKENT, 22-iyun — Sputnik. O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov O‘zbekistondan Rossiyaga muntazam parvozlar sonini haftasiga 14 tagacha ko‘paytirishni taklif qildi. U bu taklifni Moskvada bo‘lib o‘tayotgan ikki mamlakat Hukumatlari rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiyaning 2-yig‘ilishi davomida bildirdi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
“O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi muntazam aviareyslarni ko‘paytirish to‘g‘risidagi qaror uchun minnatdormiz. Bu yo‘nalishda birgalikdagi ishni davom ettirish va barcha karantin talablariga rioya qilgan holda teng huquqlik asosda muntazam aviareyslarni haftasiga 14 tagacha ko‘paytirishni taklif qilamiz”, - dedi Aripov.
Shuningdek, bosh vazir O‘zbekiston ikki mamlakat o‘rtasida eng talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha temir yo‘l aloqalarini bosqichma-bosqich tiklash maqsadga muvofiq deb hisoblashini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, 10-iyundan Toshkent-Moskva yo‘nalishi bo‘yicha yangi muntazam parvoz yo‘lga qo‘yilgan edi.