TOShKENT, 21-iyun - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi xodimlarining vaksinatsiya jarayoni Respublika maxsus komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan emlanish tartibi asosida amalga oshirilmoqda, deb ma’lum qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiriga O‘zbekiston prezidenti matbuot-kotibi Sherzod Asadov.
"Respublika Koronavirusga qarshi kurash komissiyasi Butunjahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalaridan kelib chiqqan holda aholi orasida emlanish tartibini ishlab chiqqan va emlanadigan insonlarni kategoriyalarga bo‘lib chiqqan. Xuddi shu tartibda prezident administratsiyasi mas’ullari ham dastlab 65 yoshdan kattalar va surunkali xastaliklari bo‘lgan xodimlar emlanishdan o‘tishayapti va bu jarayon davom etayapti", - dedi Asadov.
Prezident matbuot-kotibining so‘zlariga ko‘ra, joriy yil fevral oyida respublika komissiyasi jurnalist va OAV xodimlarini ham xavf kategoriyasiga kiritgach, O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi matbuot-xizmatida ham emlanish choralari ko‘rilishi boshlangan.
Emlash jarayonida Respublikada ro‘yxatdan o‘tganvaksinalardan foydalanilmoqda: bu O‘zbekiston va Xitoy olimlari tomonidan ishlab chiqarilgan ZF-UZ-VAC 2001, AstraZeneca va "Sputnik V" vaksinalaridir.
O‘zbekiston rahbarining matbuot-kotibi Sherzod Asadov 2 hafta oldin, 7-iyun kuni O‘zbekiston va Xitoy olimlari tomonidan ishlab chiqarilgan ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasining birinchi komponentini olganini aytdi.
Asadov barcha o‘zbekistonliklarni sanitar-epidemiologik qoidalarga rioya qilishga xususan, antiseptik vositalardan foydalanishga va niqob taqishga chaqirdi.