TOShKENT, 20-iyun — Sputnik. Andijon shahrida haydovchi kapotida YPX xodimini 50-60 metr masofaga sudrab bordi. Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi (YHXBB) holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 19-iyun kuni soat 19:30 larda Bobur shoh ko‘chasida ro‘y bergan. “Spark” haydovchisi YPX xodimi B.K.ning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, harakatda davom etgan. YPX xodimi aloqa vositasi yordamida o‘zidan keyingi xodimga avtomobil ma’lumotlarini yetkazgan.
YPX xodimi I.B. “Spark” haydovchisiga to‘xtash ishorasini ko‘rsatishiga qaramasdan, u xodimning ustiga avtomobilni boshqargan. Avtomobil kapotiga osilib qolgan xodim taxminan 50-60 metr masofadan so‘ng tushib qolgan.
Haydovchi harakatini davom ettirib, hodisa joyidan ketib qolgan. YPX xodimi holat yuzasidan bildirgi orqali viloyat IIB YHXB boshlig‘iga ma’lum qilgan. Mazkur holat natijasida tan jarohati olganlar yo‘q.
Hozirda surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.