TOShKENT, 19-iyun — Sputnik. Ertaga 2021/2022 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish boshlanadi.
Bunda,
— abituriyent telefon raqami avtorizatsiyadan o‘tkaziladi;
— pasport ma’lumotlari, doimiy yashash manzili va tugatgan ta’lim muassasasi bo‘yicha ma’lumotlar kiritiladi;
— imtiyozlari mavjud bo‘lsa hamda chet tilidan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lsa, sertifikat ma’lumotlari kiritiladi.
Ta’lim yo‘nalishlarini esa 2021/2022 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari belgilanib, tillar kesimida tasdiqlanganidan so‘ng tanlash mumkin bo‘ladi.
Abituriyentlarni ro‘yxatga olish Davlat test markazining my.dtm.uz sayti va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali onlayn amalga oshiriladi.
Ro‘yxatga olish 20-iyulga qadar (20 iyul kuni ham) davom etadi va abituriyentlar 20-iyulga qadar o‘z ma’lumotlarini o‘zgartirishlari hamda chet tilidan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘ladigan bo‘lsa, sertifikat ma’lumotlarini kiritishlari mumkin bo‘ladi.