TOShKENT, 18-iyun - Sputnik. 2021 yil 18-iyun kuni Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Senat matbuot-xizmati.
Qoraqalpog‘istonda korrupsion va mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni 2020-yilda 90 tani tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2021-yilning atigi 5 oyi davomida 97 tani tashkil qilib, o‘tgan yilga nisbatan 2 barobarga oshgan.
Qayd etish joizki, 2021-yilning 5 oyi davomida Qoraqalpog‘istondagi 92 nafar turli darajadagi mansabdor shaxslar (2020 yilda 54) , 20 nafar soha xodimlari (2020 yilda 17ta) 13 (2020 yilda 31) nafar fuqaro korrupsiya bilan bog‘liq turli jinoyatlarni sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Majlisda idoralar faoliyatining moliyaviy natijalarini ochib beradigan, korrupsiyaga qarshi choralarni oshkor etishni ta’minlaydigan mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha ichki nazorat va ichki auditni yo‘lga qo‘yishni ta’minlash, davlat organlari xodimlari o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish kabi ta’sirchan chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilandi.