Mirziyoyev Andijonga kelishdan maqsadi nima ekanini aytdi

Prezident Izboskan tumanidagi “Rustamjon Zamin rivoji” fermer xo‘jaligi dalasida viloyat fermerlari, yoshlar vakillari bilan muloqot qildi.
Sputnik
TOShKENT, 17-iyun — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Izboskan tumanidagi “Rustamjon Zamin rivoji” fermer xo‘jaligi dalasida g‘alla hosilini ko‘rdi.
Xo‘jalikda 55 gektardan ziyod yerga bug‘doy ekilgan. Uning har gektaridan 72 sentnerdan ziyod hosil olish kutilmoqda. Shundan 177 tonna davlat resurslari uchun sotiladi, 225 tonna o‘z ixtiyorida qoladi.
Prezident tashrifi Izboskan tumani chekka qishlog‘idan boshlandi
13 gektarda yomg‘irlatib sug‘orish joriy qilingan. G‘alladan bo‘shagan maydon takroriy ekin ekish uchun 200 nafar aholiga ajratib berilmoqda.
Davlati rahbari g‘allaning navi, hosildorligi bilan qiziqdi va g‘alla hosildorligini 100 sentnerga chiqarish choralarini ko‘rish kerakligini ta’kidladi.
Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, shunda fermerning ham, ishchilarining ham daromadi oshadi. Daromadi ko‘paysa, fermer ilmga e’tibor beradi, yangicha ishlashga o‘tadi, qo‘ni-qo‘shnisiga, yoshlarga foydasi tegadi.
Shu yerda viloyat fermerlari, yoshlar vakillari bilan muloqot bo‘ldi.
“Bugun Andijonga kelishimdan maqsad odamlar islohotlarning foydasini sezaptimi, ro‘zg‘orida o‘zgarish bo‘ldimi, xalqni rozi qilish uchun yana nimalar qilish kerak, degan savollarga javob topish, - dedi prezident. - Yurib ko‘rapman, albatta, o‘zgarish bor. Lekin bu bizni qoniqtirmaydi. Yanada ko‘proq ishchi joylar, mahallalarda sharoitlar qilishimiz kerak”.
Uchrashuvda qishloqlarda sanoatni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, xonadonlarda parrandachilik, tomorqachilikni kengaytirish masalalari haqida so‘z bordi. Prezident islohotlarning kuchi mahallada ekanini ta’kidladi