Mashhur “Piramidalar” savdoga chiqarildi

Auksionda ishtirok etish uchun 2021-yilning 15-iyuliga qadar kerakli hujjatlarni “Davaktiv” agentligiga taqdim etish kerak.
Sputnik
TOShKENT, 16-iyun – Sputnik. Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Chorvoq oromgohi” yoki xalq tilida “Piramidalar” deb nom olgan dam olish maskani savdoga chiqarildi. Bu haqida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar qilmoqda.
Ushbu yirik turistik obyekt 8ta alohida lotlarga bo‘lib savdoga chiqarilgan. Xususan, "Chorvoq oromgohi"ning har bir binosi alohida lot sifatida, sport majmuasi va qurilayotgan obyektlar ham alohida lot sifatida savdoga chiqarilgan.
Sotish ikki bosqichda o‘tkaziladi:
Birinchi bosqichda – talabgorlar oldindan saralanadi, jumladan, hujjatlar to‘liqligi, zakalat puli kelib tushganligi, biznes konsepsiyasi loyihasining qo‘yilgan talablarga maqbul yoki maqbul emasligi;
Ikkinchi bosqichda – talabgorning tijorat takliflari (sotib olish narxi va to‘lovni amalga oshirish muddati) hamda to‘lov qobiliyati baholanadi.
Savdoning birinchi bosqichida ishtirok etish uchun talabgorlar 2021 yil 15-iyul soat 18:00 ga qadar Davaktiv agentligiga belgilangan hujjatlarni topshirishi va lotning umumiy qiymatidan 5% miqdorida “zakalat puli” to‘lashi kerak.
Qo‘shimcha talablar:
Davlat aktivlaridan kelgusida mehmonxona yoki boshqa turizm infratuzilmasi obyektini barpo etish talabi qo‘yiladi;
davlat aktivini sotib olish bo‘yicha birinchi bosqichda bitta taklif kelib tushgan hollarda, savdolar o‘tkazilmagan deb e’tirof etiladi;
Bo‘lajak xaridorlar taqdim etayotgan kerakli hujjatlar orasida sotib olinayotgan obyektdan kelajakda foydalanish maqsadi (biznes-reja), xaridorning so‘nggi 3-yildagi moliyaviy hisoboti hamda narx taklifi bo‘lishi kerak.
"Davaktiv" agentligi xbariga ko‘ra 2021-yilning yanvar-may oylarida “Elektron onlayn auksionlar” orqali 15 816 ta davlat mulki 570,6 mlrd.so‘mga sotildi. Mulklarni sotib oluvchilar belgilangan muddatda 3,4 trln.so‘m miqdorida investitsiya kiritish majburiyatini olgan.