TOShKENT, 15-iyun – Sputnik. 2020-yilning may oyida Sardobada sodir bo‘lgan tabiiy ofat va undan keyingi voqealarga bag‘ishlargan “Sardoba sabog‘i” nomli hujjatli film suratga olinmoqda. Bu haqida O‘zbekkino agentligi ma’lum qildi.
Filmning suratga olish ishlari Sirdaryo viloyatining Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlarida bo‘lib o‘tmoqda. Filmda evakuatsiya qilingan aholi vakillari, ular joylashgan hududlar, aholini evakuatsiya qilish jarayonida ishtirok etgan harbiy xizmatchilar, qutqaruvchilar hamda talofatda jabr ko‘rganlarga yordam bergan yurtdoshlarimiz haqida hikoya qilinadi.
"Filmdan ko‘zlangan maqsad yurtdoshlarimiz boshiga tushgan shunday sinovli kunlarni sabr va bardosh, kuchli iroda, birdamlik, hamjihatlik bilan yengib o‘tishga qaratilgan. Albatta, yuz bergan fojea hammamiz uchun saboq bo‘lishi - filmning bosh g‘oyasi hisoblanadi", - deydi rejissor Abdusamad Salomov.
Salomov aytishiga ko‘ra, ushbu film rejisserning ilk rejissorlik ishi va jarayonlarda tajribali hamkasblar maslahat berishmoqda.
Yangi film “O‘zbekkino” agentligi buyurtmasiga binoan “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” DUK tomonidan suratga olinmoqda.