TOShKENT, 14-iyun - Sputnik. O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtobuslarining birinchi partiyasi Qirg‘iziston poytaxtiga yetkazib berildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Bishkek shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Baktibek Kudaybergenov Qirg‘izistonning "Kabar" davlat axborot agentligiga O‘zbekistondan shu kunlari jami 50 ta avtobus olib kelinishi kutilayotganini ma’lum qilgan.
"Hozir O‘zbekiston ishlab chiqarilgan "ISUZU" rusumidagi 21 ta avtobus olib kelindi. Qolgan 29 ta avtobus bir hafta davomida keltiriladi. Bu avtobuslar poytaxt tadbirkorlari tomonidan olib kelinmoqda. Loyiha Qirg‘iziston investitsiya vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilganini ta’kidlashni istardim", degan B.Kudaybergenov "Kabar" AAga bergan intervyusida.
U shuningdek, bu avtobuslar juda qulay va zamonaviy ekanini bildirgan.
"Avtobuslar poytaxt markaziga xizmat ko‘rsatadigan yo‘nalishlarga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Shu tariqa shaharning markaziy ko‘chalaridagi qatnovlarda yengillik yaratiladi", deydi Bishkek hokimi vazifasini bajaruvchi.