Volontorlar va faollar Toshkent viloyatida 40 gektar maydonni chiqindilardan tozalashdi

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Chimon hududi va Tuyabo‘g‘iz suv ombori atrofini chiqindilardan tozalash ishlarida 500 nafardan ortiq ko‘ngillilar, ayniqsa, yoshlar faollik ko‘rsatishdi
Sputnik
TOShKENT, 13-iyun - Sputnik. Bugun Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tgan "Tabiat — hammamiz uchun" ekologik aksiyasida volonterlar va faollar 40 gektar maydonni chiqindilardan tozalashdi.
Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiriga Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati vakili xabar berdi.
"Toshkent viloyati bo‘yicha tashkil etilgan “Tabiat — hammamiz uchun” ekologik aksiyasi yuzlab hudud faollari, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari bir maqsadda birlashtirdi. Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Chimon hududi va Tuyabo‘g‘iz suv ombori atrofining 40 gektarga yaqin hududini chiqindilardan tozalash ishlarida 500 nafardan ortiq ko‘ngillilar, ayniqsa, yoshlar faollik ko‘rsatishdi. Ushbu aksiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad sayyoramiz tozaligiga hissa qo‘shish, ekomadaniyatni o‘stirishdan iborat", - dedi hokimlik matbuot-xizmati vakili.
Toshkent viloyati hokimligi, viloyat Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda avtomobil yo‘llari atrofi, suv bo‘yi va daraxtzorlarda keng ko‘lamli tozalash, chiqindilarni yig‘ish, atrof-muhitni tartibga keltirish ishlari amalga oshirildi.
Yaqinda Everest cho‘qqisini zabt etgan "O‘zbekiston iftixori" unvoni sohibi Sergey Denisenko, OAV vakillari ushbu eko-aksiyada ishtirok etishdi.