TOShKENT, 11-iyun — Sputnik. Turkiya Respublikasida epidemiologik vaziyat barqarorlashayotgani inobatga olinib, respublikaning ushbu davlatdagi Bosh konsulxonasi quyidagilarni ma’lum qildi:
- Istanbul bilan Farg‘ona, Urganch va Samarqand o‘rtasida aviaqatnovlar 3-iyundan bosqichma-bosqich tiklanadi;
- Turkiyaga sayyohlar uchun mo‘ljallangan charter reyslar 5-iyundan bosqichma-bosqich tiklanadi;
- Toshkent-Istanbul yo‘nalishidagi aviaqatnovlar talab va vaziyatdan kelib chiqib 10-iyundan bosqichma-bosqich tiklanadi;
So‘nggi 14 kun davomida Turkiyada bo‘lgan va ushbu mamlakat orqali O‘zbekistonga kirib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning uy yoki mehmonxonada karantinda bo‘lish tartibi bekor qilindi.
O‘zbekiston Respublikasiga kelish uchun aviaqatnovga ro‘yxatdan o‘tishdan oldin so‘nggi 72 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda koronavirus infeksiyasiga faqat PSR orqali tekshirilib, manfiy ko‘rsatkichga ega, deb topilgan ma’lumotnomani taqdim etish talabi saqlanib qoladi.