Samarqand viloyatida YPX xodimlari soliqchini o‘limiga sababchi bo‘lishdi

Holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 206-moddasi 1-qismi (Mansab vakolatidan chetga chiqish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangan.
Sputnik
TOShKENT, 11-iyun - Sputnik. Kattaqo‘rg‘on tumani Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari A.A yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining zo‘ravonligi tufayli vafot etgani aytilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston inson huquqlari "Ezgulik" jamiyati xabar qilgan.
Ayni vaqtda jamoatchilik tomonidan muhokama qilinayotgan ushbu hodisaga O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bayonot e’lon qildi. BP xabariga ko‘ra holat yuzasidan JKning 206-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
"Ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi. Tergov ustidan Bosh prokuratura tomonidan nazorat o‘rnatilgan", - deyiladi bosh prokuratura bayonotida.

Hodisa tafsilotlari

Jinoyat ishi materiallariga ko‘ra, 10-iyun kuni tungi soat 00.20 larda 42 yashar soliq xodimi A.A o‘zining Cobalt rusumli avtomobilida yo‘l harakati qoidalarini buzganligi sababli navbatchilik qilayotgan inspektorlar Qo‘chqorov, Ismoilov, Rahimberdiyev va Xoliqulovlar tomonidan to‘xtatilgan.
Andijonda mast haydovchi yirik YTH sodir etdi: besh kishi jarohatlandi
YPX inspektorlari o‘zlariga tegishli Spark rusumli avtomobilining orqa o‘rindiqda soliq xizmatchisining yuz qismidan bosib, uning qisqa va tez o‘limiga sabab bo‘lishgan.
Samarqand viloyati sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, soliq xizmatchisining o‘limiga yurak o‘lchami va massasining keskin oshishi, ya’ni nafas qaytishi sabab bo‘lgan. O‘tkazilgan sud tibbiy ekspertizasi davomida soliq inspeksiyasi rahbarining yuz va bo‘yin qismlari, tirsak va boshqa sohalarda jarohatdan olingan shilinmalar borligi aniqlangan.
O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati Qiynoqlarga qarshi milliy preventiv mexanizmlar doirasida O‘zbekiston Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili, Inson huquqlari bo‘yicha respublika Milliy markazi rahbariyatini mazkur hodisani o‘rganishga chaqirgan.

Senat nazorati

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati hodisaga o‘z munosabatini bildirdi.
Senat o‘z rasmiy munosabatida sal avval Ichki ishlar vazirligi e’lon qilgan rasmiy munosabatni keltirib o‘tgan. Unda fuqaro A.A boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtotransport vositasi svetoforning qizil chirog‘idan to‘xtamasdan o‘tib, xodimlarning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, avtotransportda yuqori tezlikda harakatlanib yashirinmoqchi bo‘lgani, shundan so‘ng yo‘l qatnov qismining o‘rtasida to‘xtab, haydovchi avtotransportni tashlab, piyoda qochishga uringanligini ma’lum qilingan. Bu borada vazirlik internet tarmoqlarida videomaterialni havola etgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi mazkur holat bo‘yicha o‘rganish natijalari bo‘yicha ma’lumotlarni keng ommaga e’lon qilishini aytib o‘tgan.
Qo‘mita qonun buzilish holatining har qanday ko‘rinishiga murosasiz ekanligini qayd etgan.