Maktablar reytingi tuzishda qaysi ko‘rsatgichlar hisobga olinadi?

O‘zbekistonda har yili 1-sentabrga qadar Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari va Akademik litseylar reytingi e’lon qilinadi. Uni hisoblashda asosiy 8ta ko‘rsatgich inobatga olinadi.
Sputnik
TOShKENT, 11-iyun – Sputnik. O‘zbekistonda 2021 o‘quv yilidan boshlab har yili 1-sentabrga qadar barcha umumta’lim o‘quv muassasalari qamrab olingan Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari reytingi va Akademik litseylar reytingi e’lon qilinadi.
Bu haqida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashketbayev ma’lum qildi.
Reyting tuzishda quyidagi 8ta asosiy mezonlar hisobga olinadi:
1.
Maktab bitiruvchilarining umumta’lim fanlari bo‘yicha tayyorgarligi va ta’lim sifati darajasi;
2.
O‘quvchilarning chet tillarini bilish darajasi;
3.
11-sinf bitiruvchilarining bandlik ko‘rsatkichi;
4.
Ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida sodir etilgan jinoyatlar ulushi;
5.
Maktab pedagoglarining sifati (o‘qituvchilardan necha foizi oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar tashkil etishi)
6.
O‘qituvchilarning chet tillarini bilish darajasi;
7.
Ta’lim muassasalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va o‘quv-tarbiyaviy muhitni qo‘llab-quvvatlash uchun tuman (shahar) mahalliy budjetining orttirilgan mablag‘lari hisobidan qilingan qo‘shimcha xarajatlari hajmiga qarab baholanadi.
8.
Ta’lim muassasasida ma’naviy-ma’rifiy va o‘quv tarbiyaviy muhit. Ya’ni Prezident ilgari surgan besh tashabbus doirasida qilingan ishlar asosida baho beriladi.
Shu bilan birga, maktablar reytingi natijalari viloyatlar, shahar va tuman hokimlari hamda ularning ta’lim va tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari faoliyatiga baho berishda ham inobatga olinadi.