TOShKENT, 10-iyun — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Tojikistonga keldi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.
Dushanbe xalqaro aeroportida O‘zbekiston yetakchisini Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon kutib oldi.
Aeroport oliy martabali mehmon sharafiga ikki davlat bayroqlari va shiorlar bilan bezatilgan.
O‘zbekiston rahbarini kutib olishda ko‘plab yoshlar va ijodiy jamoalar ham ishtirok etdi.
Prezidentlar muzokaralar davomida ko‘p qirrali O‘zbekiston-Tojikiston sherikligining keng ko‘lamli kun tartibini ko‘rib chiqadilar hamda xalqaro va mintaqaviy darajadagi aloqalar yuzasidan fikr almashadi.
Amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga qaratilgan salmoqli hujjatlar to‘plami imzolanishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Tojikistonga yo‘l olgani xabar qilingan edi. O‘zbekiston rahbari qo‘shni mamlakatda 10-11 iyun kunlari rasmiy tashrif bilan bo‘ladi.