TOShKENT, 10-iyun - Sputnik. Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga tashrifi davomida O‘zbekistonning Samarqand viloyati va Tojikistonning Xatlon viloyatida ochilgan ijtimoiy obyektlar faoliyatiga start berishdi.
Xatlon viloyatining Ko‘bodiyon tumanidagi O‘zbekiston tomonidan qurilgan tibbiyot muassasasi ochildi. U yerda 250 o‘rinli zamonaviy ko‘p tarmoqli shifoxona qurilgan bo‘lib u yiliga 75 ming nafar bemorga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Majmuada jarrohlik, urologiya, ko‘z xastaliklari, intensiv davolash va reanimatsiya, pediatriya, travmatologiya, ginekologiya, homiladorlik patologiyasi, tug‘ruqdan keyingi tiklanish va terapiya bo‘linmalari mavjud.
Tojikiston tomonidan Samarqand viloyatining Urgut tumanida 640 o‘rinli umumta’lim maktabi barpo etilgan. Maktabning uch qavatli binosida 26 ta sinf, sport zali, faollar zali, oshxona, kutubxona, mehnat darslari va ixtisoslashtirilgan mashg‘ulotlar uchun sinflar mavjud. O‘quv maskani kompyuter texnikasi va laboratoriya jihozlari bilan ta’minlangan.
Tojikiston prezidentining matbuot uchun bergan bayonotida o‘tgan yil So‘g‘d viloyatining Spitamen tumanida O‘zbekiston tomonidan 630 o‘rinli maktab qurib foydalanishga topshirilgani alohida qayd etib o‘tildi.
Shuningdek, yaqin vaqt ichida Tojikiston Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida 200 o‘rinli bog‘cha qurilishi bitkazilishi ham aytib o‘tildi.